
Go’ro’g’lining tug’ilishi
Bir vaqtlar Turkman eli Urganchga qarar edi. Zamonlar ag'darilib, Urganch podsholigi barham topib, Urganchda bir podsho turadigan bo'lib qoldi. Undan keyin taka, yovmit, ersari, ko'klang turkmanlarining oqsoqollari bir joyga yig'ilib, Og'alibek deganni podsho ko'tarib, Yovmitni o'rtaliq, deb Yovmitda bir qulay joyni Og'alibekka o'rda qilib berib, bozor yurgizdirib qo'ydilar. Turkman chochuv o'tirganligi sababli qizilboshlar har doim turkmanga yov bo'lib kelib, bu yog'idan, u yog'idan talab, mol, odam o'lja qilib ketar edi. Og'alibek hcch qizilboshning uddasidan chiqa bilmas edi. Og'alibekning Gajdumbek, Hasanbek, Ahmadbek degan uch o'g'li bor edi. Gajdumbek bilan Hasanbek, otasi Og'alibekning qirq yigitlari el qo'rib yurar edi, Ahmadbek bo'lsa, hali yosh edi.